Spot nashri Axborot va jamoat xavfsizligi markazining saytidan olingan xabarga asoslanib O‘zbekiston mutaxassislari kiberhimoya bo‘yicha Positive Hack Days tanlovida 3-o‘rinni egallashdi, deb yozmoqda.

May oyining o‘rtalarida Moskva xalqaro savdo markazida amaliy xavfsizlik bo‘yicha Positive Hack Days VIII xalqaro forumi bo‘lib o‘tgandi.

Positive Technologies kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan konferensiyada kiberhimoya va dunyoning yetakchi xakerlik bo‘yicha mutaxassislari, axborot xavfsizligi sohasidagi davlat tuzilmalarining rahbarlari, yirik biznes vakillari hamda yosh olimlar ishtirok etishdi.

IPSC vakillari Leave ATM Alone’ning yakkalik bahslarida 15 daqiqa ichida bankomatni buzib kirish – himoya tizimidan o‘tib, qurilmadan pul olish vazifasini bajarib 3-o‘rinni egalladilar.

Positive Hack Days — amaliy xavfsizlik bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib, har yili ana’naviy tarzda Moskvada o‘tkaziladi. Uning tashkilotchilari “Positive Technologies” kompaniyasi hisoblanadi. Bu yerda rus va chet ellik dasturchilar, axborot xavfsizligi bo‘yicha ekspertlar va xakerlar chiqish qilishadi, ochiq aylana stollarda esa davlat hokimiyati vakillari, yirik xalqaro va mahalliy kompaniyalarning CIO va CISO’lari, banklar, telekommunikatsiya, neft va gazni qayta ishlovchi, sanoat va IT-kompaniyalarning yetakchi mutaxassislari ishtirok etishlari hamda master-klass va laboratoriya amaliyotlarida qatnashishlari mumkin.