Sirtqida o‘qiydigan talabalar yangi o‘quv yilidan boshlab onlayn o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladilar

OTMda yangi o‘quv yilidan maxsus sirtqi bo‘lim talabalari uchun masofaviy ravishda onlayn rejimida darslar o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda spot.uz Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining axborot xizmatining ma’lumotiga tayanib.

Onlayn ta’lim platformasi vazirlik huzuridagi Ta’lim muassasalarida elektron o‘qitishni joriy etish markazi tomonidan ishlab chiqildi. 144 ta elektron darslikning tayyorlanish jarayoni boshlangan.

Platforma talabalarga ma’ruzalar, video darslar, testlar, topshiriqlar, suhbatlar, forumlar, lug’atlardan foydalanishni ta’minlaydi. Bundan tashqari veb-seminarlar ham o‘tkazish mumkin. Platforma ijtimoiy tarmoqlar bilan birlashtirilgan.

Boshqa sirtqi bo‘limlar va kechki ta’lim oluvchilarga ham onlayn dars o‘tishni joriy qilish rejalashtirilmoqda.

2017-yil 9-avgustidagi “Oliy ta’lim muassasalarida pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni asosida 8 ta yo‘nalish bo‘yicha 15 oliy o‘quv yurtida maxsus sirtqi bo‘limlar ochilgan.

2018-2019 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston universitetlarida “aqlli universitet” tizimidan foydalanish boshlanadi.

______________________