Snap’dan chiqqan mutaxassis Tesla avtopiloti ishlanmasiga rahbarlik qilmoqda

Tesla avval Snap’da faoliyat yuritgan Styuart Bauersni kompaniyaning ishlanmalar bo‘yicha vitse-prezidenti etib tayinladi. Bu haqda Financial Times xabar bermoqda.

Bauers o‘z karyerasini Microsoft’da boshlagan, keyin 4 yil Facebook ishlagan. Snap’da esa monetizatsiya masalalari bo‘yicha vitse-prezident lavozimini egallagan. U Tesla’da avtopilot ishlanmasi bilan shug‘ullanadi hamda boshqa loyihalarni ham nazorat qiladi.

Bauersning lavozimga tayinlanishi Tesla yetakchi menejerlari tarkibidagi o‘zgarish fonida yuz bermoqda: 2018-yilning aprelida kompaniyani avtopilot ishlanmasining rahbari Jim Keller tark etgandi, 2017-yilning iyuniga kelib esa Tesla’dagi yarim yillik faoliyatidan so‘ng dasturiy ta’minot bo‘yicha kompaniya yetakchisi Kris Lattner Tesla’dan ketgandi.

Bundan tashqari, 2018-yilning mayida Tesla’ning yangi model ishlanmalari bo‘yicha vitse-prezidenti Dag Fild ham muddatsiz ta’tilga chiqib ketdi, uning ishga qachon qaytishi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

______________________