Qanday qilib yulduzlarni tovaringizni reklama qilishga ko‘ndirish mumkin

Kichik tadbirkorlik korxonalari egalari ko‘pincha o‘z mahsulotlarini reklama qilib berishni so‘rab mashhurlarga murojaat qilishdan qo‘rqishadi, chunki katta mablag‘ to‘lashga tashkilot marketing byudjeti qodir emas deb o‘ylaydilar. Amaliyot esa yulduzlarni o‘z mijozingiz qila olsangiz, bunday yirik xarajatlarsiz ham hamkorlikka erishish mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Millward Brown kompaniyasi tomonidan 16 brend ishtirokida dunyoning 5 ta mamlakatida o‘tkazilgan tadqiqotlar ko‘rsatishicha: har 10-reklama kampaniyasida yulduzlarni ishtirok etish taklif qilinadi. Tovarni mashhur kishi sotib olganini, foydalanganini ko‘rish foydalanuvchining ishonchini oshiradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, yulduzlarning ijtimoiy tarmoqqa qo‘ygan xabarlarini insonlar OAVdagi yangiliklar xabaridek qabul qilinarkan. Yirik brendlar o‘z reklamalari uchun mashhurlarga haq to‘laydilar. Lekin, bu ayni paytda dolzarb emas. Reklama banneridagi qiyofa – shunchaki rasm. Katta byudjetsiz bunday loyihani boshlab bo‘lmaydi. Yulduzlarning gonarari bir necha million bo‘lib, rasmlarni joylashtirish ham katta mablag‘ talab etadi. Kichik tadbirkor qanday yo‘l tutishi kerak?

Sizning mahsulotingiz yoki tovaringizga qiziqqan, yordam berishni xohlagan kishi bilan ishlash foydaliroq. Bu taklif ba’zan bepul bo‘lishi ham mumkin. Bunga qanday erishiladi?

Avvalo, mijozlaringizni o‘rganing, ularning orasida estrada vakillari, aktyorlar, ijtimoiy tarmoq mashhurlari bor bo‘lishi mumkin. Shunday bo‘lsa, ular bilan manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan cho‘chimang. Mashhurlar faqat savdoni o‘ylaydi va siz bilan faqat pul uchun ishlashi mumkin deb o‘ylamang. Boshqa shartlarda ham hamkorlikka kelishish mumkin. Masalan, “barter” orqali ishlash. U mahsulotingizni ijtimoiy tarmoqda joylagan xabari evaziga bepul olishi mumkin. Yomon emasku?!

Mijozlaringiz orasida bunday insonlar yo‘qligi ham fojia emas. Ularga mahsulotingizdan foydalanib ko‘rish uchun yuborib, buning evaziga ijtimoiy tarmoqda fikrini qoldirishn so‘rashingiz mumkin. Ishoning, buni hech kim rad etmaydi. Yulduzlar doirasi ancha keng bo‘lishini unutmang. Ko‘pchilik bir-biri bilan ijtimoiy tarmoq orqali muloqot qiladi, tadbirlarda ko‘rishadi. Agar tarmoqda mahsulotingiz haqida fikr mashhur artistdan qoldirilgan bo‘lsa, yangi mijozlaringiz paydo bo‘lishiga ishonavering. Shu bois, ularga hamkorlikni taklif etishdan qo‘rqmang.

Turli tadbirlar ham sizni hamkor qilishga yordam berishi mumkin. tashkilotchilarga o‘z ishtirokingizni hamda tushlikni bepul tashkil etishingiz mumkinligini taklif qiling. Xarajatlar haqida emas, bu orqali keladigan daromadlar haqida o‘ylang. Bunday kechalarda siz nafaqat yulduzlarni uchratasiz, balki faoliyatingiz uchun yana bir ijobiy jihatga ega bo‘lasiz. Tadbirga suratkashni ham chaqiring. Mahsulotingizdan foydalanayotgan mashhur kishining ruxsati bilan uni suratga oldirishingiz, reklama materiallari bilan mehmonlar e’tiborini jalb etishingiz mumkin. Bular esa ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida mahsulot yoki xizmatingizga ishonadiganlarning safini kengaytiradi.

Agar ayollar auditoriyasini jalb etmoqchi bo‘lsangiz, mashhur ayollar sizning mahsulotingizni qiymatini oshirishi mumkinligini yodda tuting. Mashhurlar bilan ishlashga ko‘pchilik cho‘chiydi: ularni juda kalondimog‘ va injiq deb bilishadi. Ba’zan shunday bo‘lishi ham mumkin, lekin bu sizni o‘z auditoriyangizni kengaytirish kabi maqsadingizdan ortga qaytarmasligi kerak.

O‘z mahsulotlaringizni yulduzlar bo‘ladigan joylarga taqdim etish, bu orqali siz shaxsan ularning o‘zlari bilan uchrashishingiz va taklif berishingiz mumkin. Agar shaxsiy biznesingizning egasi bo‘lsangiz, bunday vazifani tadbirlarda menejerlaringizga topshirmaganingiz ma’qul. Mashhurlar uchun kompaniyaning egasi bilan bevosita muloqot qilish uning xodimlari yoki boshqa o‘rinbosarlar bilan gaplashgandan ko‘ra qiziqroq bo‘ladi. Kichik korxona rahbari bo‘lsa ham jamiyatda bu mavqeni egallagani muhim.

Bunday ishlar xiralikni yomon ko‘radi. Agar siz taklif bergan bo‘lsangiz va uni e’tibordan qoldirishgan bo‘lsa qayta-qayta kishini bezovta qilish yaramaydi. Bu aks ta’sir berishi mumkin. Taniqli shaxs bilan do‘stlashib qolgan bo‘lsangiz bir-biringizni qo‘llab-quvvatlab turishingiz tabiiy holga aylanadi. Bayramlarda ko‘p muxlislar sovg‘a yuborishi mumkin, bu muhim emas. Eng asosiysi biznesingizni yuritishga yordam bergan kishiga minnatdorchilik bildirishni unutmang.

Eng oxirgi maslahat: aksar artistlar OAV orqali taniqli bo‘lib borayotgan boshqa “yulduzlar” bilan uchrashishga qiziqishadi. Agar siz shunday tadbir uyushtirayotgan yoki uning tashkilotchilaridan biri bo‘lsangiz mijozlaringiz bo‘lgan mashhur shaxslarga ham taklifnoma yuborishni unutmang. Bu ularni qiziqishini oshirib, munosabatlaringizni mustahkamlashi ehtimoli yuqori.

______________________