Bloomberg: Microsoft iPad bilan raqobatlashadigan “hamyonbop” planshet chiqaradi

Microsoft 2018-yilning ikkinchi yarmida Surface nomli hamyonbop planshetlar tarmog‘ini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg kompaniya rejalari bilan tanish bo‘lgan manbaning xabariga asoslanib yozmoqda.

Bloomberg’ga Microsoft planshetlari haqida quyidagilar ma’lum:

  • Yangi Surface’ning narxi 400 $ atrofida bo‘lib, u Windows 10 Pro operatsion tizimida ishlaydi. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, bir nechta turda ishlab chiqarish rejalashtirilgan: 64 Gb va 128 Gb o‘rnatilgan xotira, shuningdek LTE imkoniyati.
  • Surface deyarli standart iPad’nikidek 10 dyumli ekranga ega bo‘ladi. 2017-yilning may oyida sotuvga chiqqan Surface Pro 799 $ bo‘lib, uning ekrani diagonali 12,3 dyumdan iborat.
  • Planshetning chetlari iPad’dek aylana. Surface’ning hozircha mavjud planshetlarining cheti kvadrat ko‘rinishda. Bu qurilma shuningdek, Surface’ning quvvatlanish va kompyuterga ulanish uchun USB-C porti mavjud bo‘ladigan ilk versiyasi bo‘lishi kutilmoqda.
  • Planshet Intel’ning grafik chipi va protsessorida ishlaydi.
  • Yangi Surface avaalgi sinf modellaridan 20 foiz yengilroq bo‘lsa-da, avtonom holatda 4 soat kamroq ishlaydi. Microsoft’da Surface Pro’ning avtonom ishlashini 13,5 soatga yetkazish mumkinligi haqida aytilmoqda.

Bloomberg xabar berishicha, hamyonbop Surface bilan birgalikda kompaniya asosiy stansiyali nisbatan arzon klaviaturani ishlab chiqaradi. Hozirda uni 160 $ ga sotib olish mumkin. Microsoft vakili ma’lumotlarga sharh berishni istamadi.

Mart oyida Apple maktab o‘quvchilari va talabalar uchun mo‘ljallangan iPad’ning yangi modelini taqdim qilgandi. Oddiy xaridor uchun u 329 dollar turadi, lekin ta’lim maskanlari uni 299 $ ga sotib olishlari mumkin. Microsoft’dan yangi hamyonbop Surface’ga ham qimmat bo‘lmagan qurilmalarni ko‘tarasiga sotib oluvchi maktablar qiziqib qolishi mumkin.

So‘nggi 4 chorak bo‘yicha Apple taxminan 44 mln dona iPad’larni 20 mlrd $ ga sotgan. Microsoft esa bu davr ichida Surface’lari sotuvidan 4,4 mlrd dollar foyda olgan.

Bu Microsoft’ning hamyonbop planshetlar bozoriga kirish uchun ilk harakati emas. 2012-yilda kompaniya 499 $ evaziga Surface RT’ni ishlab chiqargandi. 2015-yilda shu narxda chiqqan 10,8 dyum ekranli Surface 3 planshetlarining savdosi 2016-yilning oxiriga kelib to‘xtatildi. Shundan keyin Microsoft nisbatan qimmatroq Surface Pro qurilmalariga e’tiborini qaratdi.

______________________