Thales International O‘zbekistonga o‘z sun’iy yo‘ldoshini uchirishga yordam berishga tayyor

spot.uz tarqatayotgan axborotga ko‘ra, Thales International O‘zbekiston bilan sun’iy yo‘ldoshlar va sputnik qurilmalarini yaratish va ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda, deb xabar berildi “O‘zbekiston 24” telekanalining “Tahlilnoma” dasturi orqali.

Ma’lum bo‘lishicha, kompleks kosmik tizimlar loyihalari bo‘yicha kelgusida ham hamkorlik qilish, turli yo‘nalishdagi sun’iy yo‘ldoshlarni ishga tushirish va boshqarish, O‘zbekiston hududida mahalliy mutaxassislarni o‘qitish uchun texnologik baza tashkil etish ham shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, kosmik texnologiyalar yordamida O‘zbekistonni tezkor internet tarmog‘iga ulash infrastrukturasi bo‘yicha birgalikdagi innovatsion texnologiyalarni yo‘lga qo‘yish ham kutilmoqda.

2035-yilga borib O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh va raketalar paydo bo‘lishi mumkin. Bu haqda innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmanov mamlakatda aerokosmik sohadagi ishlanmalar yo‘qolgani va o‘z yo‘ldoshini ishga tushirish kelgusi yillar uchun muhim strategik vazifalardan ekanligini ta’kidladi.

Thales Group — aviakosmik, harbiy va dengizda qo‘llaniladigan axborot tizimlarini ishlab chiqaruvchi xalqaro sanoat guruhi. Fortune jurnali uni dunyoning 500 ta yirik kompaniyalari ro‘yhatiga kiritgan. Ishlab chiqarishining 60 foizini harbiy mahsulotlar tashkil etadi. Jahonda tuzilgan harbiy shartnomalar bo‘yicha kompaniya 11-o‘rinda turadi.

______________________