Plastik chiqindilardan qanday qilib kiyim va poyabzal tayyorlanadi?

Okeandan to‘plangan eski plastiklardan tayyorlangan ko‘ylak uchun ko‘proq pul to‘lagan bo‘larmidingiz? Gant kiyim ishlab chiqaruvchisi ekologiyaga bo‘lgan mehrini namoyish etish maqsadida tarkibida dengiz chiqindisi bo‘lgan oddiy polietilentereflatdan tikilgan erkaklar va ayollar kiyimlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.

Yangi ko‘ylaklar namlik va havoni o‘tkazuvchi Tech Prep matosidan tayyorlangan bo‘lib uning 10 foizini qayta ishlangan plastik tashkil etadi. Yangi kolleksiyadagi kiyimlar narxi 170-195 dollar oralig‘ida. Kompaniyaning odatiy kiyimlari ularga nisbatan arzonroq. “Men uchun kiyimlarimiz tarkibi 100% qayta ishlangan mahsulot bo‘ladimi, 50 % bo‘ladimi muhim emas. Bizning maqsadimiz kishilar ularni sotib olishni xohlashlarida”, – deydi Gant kompaniyasining marketing bo‘yicha direktori Brayan Grevi.

Dengiz chiqindilarini qayta ishlash bilan faqat Gant shug‘ullanmaydi. O‘tgan yili Adidas sport kiyimlari brendi Parley loyihasi bilan hamkorlikda to‘liq okeandagi plastiklardan qayta ishlangan yugurish krossovkalarini namoyish qildi. Shundan buyon kompaniya bunday oyoq kiyimlarining milliondan ortiq juftini sotdi.

Gant Shveysariyadagi Maus Frères konserniga qarashli bo‘lsada, uning shtab-kvartirasi Shvetsiyaning Stokgolmida joylashgan. Yangi kolleksiyani ishlab chiqarishda firma Madridning Seaqual brendi bilan hamkorlik qilgan. 2 yil avval tashkil etilgan Seaqual kompaniyasi bilan birga ishlaydigan baliqchilar 165 ta kemalarda okeandagi plastik chiqindilarni to‘plashadi.

Gant — Seaqual’dan tarkibida qayta ishlangan dengiz chiqindisi bo‘lgan matolarni sotib oluvchi ilk tashqi mijoz sanaladi. “Ular mazkur yilda ishlab chiqarish hajmi ortishini juda kutishmoqda va o‘z xizmatlarini boshqa kiyim ishlab chiqaruvchilariga ham taklif etishmoqda. Men buni quvvatlayman. Bu dengizlarni chiqindilardan xalos etishning yagona usulidir” – deb ta’kidladi Brayan Grevi. Shunday bo‘lsa-da, okeanlardagi plastik chiqindilar miqdori juda ko‘p: har yili okeanlarga 8 mln tonna chiqindi tushadi. Ularning taxminan 75 foizi esa dengiz tubiga cho‘kib ketadi.

Gant kompaniyasi yangi kolleksiyasini ishlab chiqarishi uchun bir yildan ortiq vaqt ketdi. Dizaynerlar qanday qilib kiyimlarning matosini qayta ishlangan chiqindilardan tayyorlash bilan ularning noqulay va qattiq bo‘lib qolmasligi ustida bosh qotirishdi. “Ba’zi matolar juda sintetik edi. Boshida ishlab chiqarish jarayoni bizga ancha qimmatga tushdi. Biz oxiri yangi kiyimlar tizimini ishga tushirishda ko‘p bora mato tarkibini o‘zgartirishga harakat qildik, ko‘p bora kolleksiya chiqarilishini ortga surdik, ko‘p marta “Yo‘q bu yetarlicha yaxshi emas”, dedik”, – deya tan oladi Grevi.

Gant’ning kiyimlari hali to‘liq ekologik emas. Yoqalarni tayyorlashda kimyoviy moddalardan, tugmalarni esa odatiy sun’iy charmdan foydalanilgan. “Hozir biz ularning har ikkalasini ham ekologik qilib tayyorlash ustida ishlayapmiz. Agar biz dunyoni chiqindilardan tozalamoqchi bo‘lsak, ishimizning masshtabini kengaytirishimiz kerak. Aks holda hech narsa chiqmaydi”, – deydi Brayan Grevi.

Grevining so‘zlariga qaraganda, Gant bu yil yanada ekologik kiyimlar kolleksiyasini taqdim etishni rejalashtirgan.

______________________