Yashab qolish: biznesda yengib o‘tish zarur bo‘lgan 5 hodisa

Agar sizning o‘z biznesingiz bo‘lsa, ertami-kechmi ushbu yo‘qotishlarga duch kelasiz. Shunday ekan, qiyinchiliklarni yengib o‘tishga tayyor turish eng muhimi hisoblanadi. Quyida Forbes nashri tomonidan biznes uchun beriladigan tavsiyalar bilan tanishing.

Mablag‘ni yo‘qotish

Mablag‘ni yo‘qotish — har qanday biznesda uchraydigan “odatiy xavf”lardan biri. Shunday paytda moliyaviy beqarorlik sizga o‘nglanmas zarba bergandek bo‘lib tuyuladi. Har bir biznesmen barchasini bir daqiqaning o‘zida yo‘qotishi mumkinligini unutmasligi kerak. Ammo pulni yo‘qotish – hammasining oxiri emas: o‘z tajribangizni saqlab qoling. Eng muhimi, o‘zingizga bo‘lgan ishonchingizni yo‘qotmang. Albatta, yuz berishi mumkin bo‘lgan xavflardan o‘zingizni himoyalab qo‘yishni ham maslahat beramiz. Bitta loyihaga o‘zingizning 30 foizdan ortiq kapitalingizni kiritmang, pullaringizni 2-3 xil valyutalarda saqlang, o‘z aktivlaringiz va xarajatlaringizni diversifikatsiya qilib boring. Shunda biror kor-hol yuz bergudek bo‘lsa ham barcha pullaringizdan birdaniga ajrab qolmaysiz.

Hamkorlarni yo‘qotish

Ikki tomonlama foyda olinuvchi ishdagi hamkorlik biznesni oldinga harakatlantiradi, lekin hech bir aloqalar doimiy emasligini ham unutmang. Birga ancha payt ishlagan, ko‘p tomonlama bir-biriga bog‘liq hamkorlardan birining qiziqish yoki maqsadlari o‘zgarib qolishi bilan hamkorlik tugatiladi. Shunday vaqtda tashkilotda jiddiy muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Tavsiyamiz oddiy: hamkoringiz istalgan paytda siz bilan aloqani uzib, sizga qarshi o‘yinga kirishi mumkinligini yodda tuting. Hattoki, sizlar eng boshidan birga bo‘lganingiz, hammasini birga barpo etganingiz ham ertaga yo‘llaringiz ajralishi mumkinligidan sug‘urtalamaydi. Shunday ekan, biznes jarayonlarni hamkorni yo‘qotganingizda katta zarar ko‘rmaydigan qilib avvaldan rejalashtiring.

Mijozlarni yo‘qotish

Siz juda yaxshi mahsulot ishlab chiqarayotgan bo‘lsangiz-u, uni sotib oladigan hech kim bo‘lmasa ham qiyin vaziyatda tushib qolasiz. Mijozlar turli sabablar bilan sizdan ketishi mumkin.

Bunda maslahat ishni uzoq muddatli mijozlarni ham yo‘qotish mumkinligi haqidagi fikrga ko‘nikishdan boshlang. Misol uchun, Amazon.com internet-do‘koni saytining bir necha soniyalarga kech ochilishi sabab 1,2 mlrd $ yo‘qotishini hisoblab chiqqan. Siz ko‘plab mablag‘ingizni yangi mijozlar topishga sarflayotgan vaqtingizda xodimingiz telefon qo‘ng‘irog‘ini kechroq ko‘tarishi sabab unikal taklifni yo‘qotishingiz mumkinligini unutmang. Yaxshi ishlamayotgan xodimni o‘rniga boshqa shijoatli, harakatchan kadrni izlang. Bu xizmatingizni yangi bosqichga olib chiqishga ham xizmat qilishi mumkin.

Mavqeni yo‘qotish

Qarz olish, investitsiya jalb etish bilan yo‘qotilgan pulni topish mumkin. Hamkorlar va mijozlarning ham yangisini topsa bo‘ladi. Erishilgan mavqeni yo‘qotish nisbatan og‘irroq jarayon. Sababi bu o‘zining ketidan qolgan muammolarni ham chaqirib keladi. Mijozlar, hamkorlar o‘zi haqida yomon taassurot qoldirgan kompaniya bilan ishlashdan bosh tortishadi.

Biznesda hech nimadan qochishning iloji yo‘q. Masalan, belgilangan muddatda buyurtma bajara olmaganingizni chegirmalar taklif qilish, nosoz buyumni almashtirib berish bilan “yuvish” mumkin. Bunday usul bilan siz mijoz oldida mavqeyingiz tushishidan himoyalanasiz.

Shaxsiy hayotning yo‘qolishi

Bu biznesingizga emas, sizning o‘zingizga taalluqlidir. O‘z ishingizni boshlash niyatida bo‘lsangiz, kamida ilk yillari shaxsiy hayotingiz bo‘lmasligini yodda saqlang. Sutkasiga 8-10-12 soatlab ishlashingizga, bo‘sh vaqtingizda ham telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berishingizga, ish haqida o‘ylashingizga to‘g‘ri kelishi mumkinligini bilib qo‘ying.

Muvaffaqiyatning badali shunaqa. Yetarlicha cho‘qqiga ko‘tarilguncha biznes shuni talab qiladi. Barcha mashhur biznesmenlar ham shunday ishlashadi. Yahoo’ning rahbari, Google’ning sobiq yetakchi-menejeri Marissa Mayer haftasiga 130 soat (kuniga 18,5 soat) ishlagan. Twitter va Square’ning egasi Jek Dorsi sutkasiga 16 soat ishlaydi. 1978-yildan 1984-yilgacha Bill Geyts bor-yo‘g‘i 15 kun ta’til olgan.

______________________