Qanday qilib muvaffaqiyatli reklama banneri tayyorlash sirlari

Internet-reklama uchun bannerli reklamalarni qiziqarli va noodatiy qilib tayyorlash bo‘yicha 5 tavsiya bilan tanishing.

Oppoq fonda mahsulotning yorqin rasmi, uning yonida odatiy “30 % chegirmali narxlar”, “sotib olishga ulguring” kabilar eskirgan klassik tizimdan boshqa narsa emas. Bu foydalanuvchilarning zerikarli bannerlar ko‘rishni istamaganliklari bilan bog‘liq. Shunday vaziyatda yagona to‘g‘ri yechim nostandart bannerlar tayyorlashdan iborat. Quyida buning 5 usuli bilan tanishtirib o‘tamiz.

Banneringizni kreativ qilib tayyorlang

Mijozga u yoqtiradigan narsani berishga harakat qiling, masalan mushukchalar… yaqinda aviachiptalar sotilishi bo‘yicha xorijda o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra odatiy mehmonxonalar, sohilbo‘yi va bortkuzatuvchilar rasmi tushirilgan chiptalarga qaraganda, bulutlarda uchib yurgan mushukning xazilomuz tasviri bor aviachiptalar ko‘proq tanlangani ma’lum bo‘ldi. Haqiqiy ma’nodagi kreativ bo‘lishdan cho‘chimang.

Qarama-qarshiliklardan foydalaning

Bannerni ajralib turishi uchun qarama-qarshilik va e’tiborni tortuvchi ranglarni ishlating. Bunda odatiy “SALE!” (Chegirma) yozuvlaridan qoching. Yuqoridagi misolga yana murojaat qilsak, mushukchali e’lon boshqa rangli bannerlardan ajralib turishi uchun oq-qora tasvirda berilgan. Bu ish natija berib aviachiptalar sotuvi 75 foizga oshgan. Shunday ekan banneringiz boshqalarning orasida ajralib turishiga ahamiyat bering.

Mijozni sizga qiziqishga undang

Uchinchi usul “foydalanuvchini qoliplardan chiqarish”dan iborat. Agar bannerda maysalar bo‘lsa rangli yashil, osmon tasvirlansa ko‘k rangda bo‘lishiga hammamiz o‘rganganmiz. Aynan shundan foydalaning. Ovqat yetkazib berish xizmatining marketologlari dastlabki yarim yil ana’naviy rangdagi reklama bannerlaridan foydalanishgan. Bu dastlab yaxshi ish bergan, biroq keyin ko‘rsatkichlar pasaya borgan. Shunda ular bannerlardagi ovqatlarda nostandart ranglar – pushti va qora kabilardan foydalana boshlashgan. Bu esa mijozlarda qiziqish uyg‘otgan hamda foyda ko‘rsatkichlari yana oshgan.

Videodan foydalalaning

Videolar hamisha diqqatni jalb etadi: harakat, ovoz va syujet – mijozni reklamaga nisbatan munosabat bildirishga undaydi. Videorolikdan foydalalnib siz 5-10 soniya ichida oddiy banner orqali berish imkonsiz bo‘lgan hajmdagi ma’lumotlarni bera olasiz. Shu sababdan ham videoroliklarga e’tibor qaratishingizni maslahat beramiz. Videoreklamada ham statik bannerdagi qoidalar – kreativlik, dolzarblik, qarama-qarshilik amal qilishi maqsadga muvofiq.

Story’lardan va odatiy holatlardan foydalaning

Videoreklama tayyorlamoqchi bo‘lsangiz qayerda “aylantirish” haqida ham o‘ylash muhim. Bugun eng ommabop tarmoqlardan biri Instagram sanalmoqda. Rolikingizning dastlabki soniyalari uning davomini tomosha qilinishi, mahsulotingizga nisbatan qiziqishni uyg‘otishi kerakligini unutmang.

Qiziqarli misollardan biri Xitoyning Kaiwei Ni oyoq kiyimlar kompaniyasi o‘z videoroligida krossovkalar ustida bir tola soch turgandek tasvir olishgan. U shunchalik real bo‘lganki, uni o‘z smartfonida tomosha qilayotgan kishi telefon ekranidan soch tolasini olib tashlashga urinib teginsa, svayp orqali avtomatik tarzda kompaniyaning saytiga o‘tib ketishi yuz bergan. Noodatiy va shu bilan birga juda samarali yechim.

______________________